O’smirlarimiz Janubiy Afrika Respublikasini (12:0), Lyuksemburgni (12:1), Turkmanistonni (8:2) va Bosniya va Gertsegovinani (11:3) yirik hisoblarda magʻlubiyatga uchratdi. 12 ochko va 43-6 gollari farqi bilan Oʻzbekiston turnir jadvalida ishonchli tarzda vaqtinchalik 1-oʻrinni egallab turibdi.
Biroq, toʻrt gʻalabaga ega yana bir jamoa bor – Tailand terma jamoasi. Ular bizdan faqatgina gollar farqi boʻyicha ortda qolmoqda. Oʻzbekiston aynan mezbon jamoa bilan oltin medallar va III A divizioniga yoʻllanmani qoʻlga kiritish uchun bahs olib boradi. Uchrashuv 6-mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 18:00 da boshlanadi. YouTube-translyatsiya havolasi Oʻzbekiston Xokkey Federatsiyasi ijtimoiy tarmoqlarida eʼlon qilinadi. Bizni har qanday gʻalaba qoniqtiradi – xoh asosiy vaqtda boʻlsin, xoh qoʻshimcha daqiqalarda.
Tailand terma jamoasi bilan avval ham toʻqnash kelganmiz. 2024-yil aprel oyida Toshkent va Samarqandda oʻtkazilgan Osiyo va Okeaniya kubogida yoshlarimiz chempionlikni qoʻlga kiritgan. Oʻshanda guruh bosqichida tailandliklarni 7:5 hisobida magʻlub etgan boʻlsak, finalda 2:1 hisobida gʻalaba qozongan edik.
Oʻzbekiston terma jamoasi yetakchisi – jamoa sardori Jasurbek Rustamxonov turnirda porlamoqda. Uning hisobida allaqachon 20 (12 gol + 8 golli uzatma) ochko mavjud. Jasur va yosh yulduz Salohiddin Azimov oʻtgan mavsumni Chexiyada oʻtkazgan. Qolgan oʻyinchilarimiz esa Qozogʻistonning yoshlar ligasida "Toshkent Select" jamoasi safida o’ynagan edi.
Xokkey sporti mamlakatimizda bor-yoʻgʻi 7 yil avval rivojlana boshlagan boʻlsa-da, yosh oʻyinchilarimiz xalqaro maydonda Oʻzbekiston xokkeyining jadal oʻsish darajasini ishonch bilan namoyish etmoqda. Ularga faqatgina omad va gʻalaba tilaymiz!